Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti Maxsus pedagogika kafedrasida “Inklyuziv ta’lim: amaliy tajribalar va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarni o‘qitish va tarbiyalashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish, sohaga oid ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar, doktorantlar, magistrantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisida Qo‘qon davlat universiteti prorektori Sharifjon Pulatov tabrik so‘zi bilan ishtirokchilarni qutlab, tadbirni rasman ochib berdi. Prorektor o‘z nutqida xalqaro tajribalarni o‘rganish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish hamda inklyuziv ta’lim sifatini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, universitetning kelgusida xalqaro miqyosdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olish va pedagogika sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi maqsadlariga to‘xtalib o‘tdi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida 10 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglanib, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talaba-yoshlarning ilmiy tadqiqot ishlari muhokama qilindi. Eng yaxshi ma’ruzalar mualliflari anjuman tashkilotchilari tomonidan munosib eʼtirof etildi.
Anjuman yakunida inklyuziv ta’lim tizimini takomillashtirish, iqtidorli talabalarni istiqbolli ilmiy loyihalarga keng jalb etish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda ilmiy to‘garaklar faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mutaxassislik fanlarini interaktiv usullar asosida o‘qitishni kengaytirish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.