← Stipendiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari davlat oliy ta’lim muassasalarining oxirgi kurs talabalariga (bakalavriat va magistratura alohida) – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsi
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (Milliy Tadqiqot Universiteti) Toshkent shahridagi filialiKimlar uchun
kunduzgi
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari davlat oliy ta’lim muassasalarining oxirgi kurs talabalariga (bakalavriat va magistratura alohida) – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida tayinlanadi.
- Talabalarga davlat stipendiyalari tayinlash uchun belgilangan kvota (o‘n bir) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari bakalavriat va magistratura uchun alohida, har bir yo‘nalish bo‘yicha bir stipendiya hisobidan taqsimlanadi: qishloq va suv xo‘jaligi; texnika va informatika; sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot; ijtimoiy-gumanitar va ijtimoiy fanlar; tabiiy fanlar; biznes va boshqaruv; pedagogika; madaniyat, san’at va sport; chet tillari; huquq va xalqaro munosabatlar; jurnalistika. Ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan har o‘quv yili boshida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ta’lim yo‘nalishlaridagi ustuvorliklarni o‘zgartirish maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib kiritilishi mumkin.
- Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi mezonlar bajarilishi belgilanadi: umumta’lim tayyorgarligi va ilmiy-tadqiqot (ijodiy) ishlarni uyg‘unlashtirish; yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalarda (tanlovlarda) ishtirok etish; kamida ikkita chop etilgan ish (asar) mavjudligi; davlat tilini va bitta chet tilini (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining davlat tillaridan tashqari) bilish, ayrim hollarda, bakalavriatda ta’lim yo‘nalishi yoki magistraturada mutaxassislik chet tili bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda yana bitta chet tilini bilish talab qilinadi; O‘zbekiston tarixini bilish. Tillar, axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixini bilish darajasi talablari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasiga nomzodlar ushbu fanlar bo‘yicha o‘z bilim darajasini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlaridan o‘tadilar, markaz test natijalari bilan yakuniy qaydnomalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tayinlash uchun stipendiat nomzodlarini ilgari surish davlat oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan joriy yilning 1 iyuliga qadar, nomzodlarning ommaviy muhokamasi, ularning o‘qishdagi va ilmiy (ijodiy) faoliyatdagi muvaffaqiyatlari natijasida amalga oshiriladi. Dastlabki ko‘rib chiqish uchun nomzodlar ilmiy kengashga quyidagilarni taqdim etadilar: baholar qaydnomasidan ko‘chirma; dekanat, kafedra iltimosnomasi; ilmiy (ijodiy) ishning annotatsiyasi; rahbarning xulosasi; ilmiy (ijodiy) ishga taqriz; ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxalari. Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim etiladi. Har bir to‘plam tez jildga tikiladi, jildning muqovasida ishni taqdim etgan muassasa nomi, nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, ishning nomi ko‘rsatiladi.
- Ilmiy kengashlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini tayinlash uchun stipendiat nomzodlarini ilgari surish to‘g‘risida qarorlarni yashirin ovoz berish yo‘li bilan, oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qiladilar. Ilmiy kengashlarning qarorlari vazirliklar va idoralar uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risida iltimosnomalar yuborish uchun asos bo‘ladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Hujjatlar qabul qilish 1 avgustdan 15 avgustgacha, ko‘rib chiqish esa 10 sentyabrdan 25 sentyabrgacha amalga oshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalariga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining qarori bilan amalga oshiriladi. Stipendiyalar tayinlashdan oldin nomzodlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarligi darajasi belgilangan mezonlarga muvofiq chuqur ekspertizadan o‘tkaziladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalariga nomzodlar o‘rtasida tanlov asosida saralashni amalga oshirish yuklatilgan maxsus tanlov komissiyasini tuzadi; nomzodlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarligi darajasini baholash uchun ishlarni ko‘rib chiqish yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert guruhlarini shakllantiradi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi, chet tillari bo‘yicha test topshiriqlarini ishlab chiqadi; tanlov komissiyasi va ekspert guruhlarining ish tartibini tartibga soladi; tanlov komissiyasi yig‘ilishlarini o‘tkazish muddatlarini belgilaydi.
- Tanlov komissiyasi nomzodlarni yakuniy saralashni yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi va nomzod hamda uning ishi ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolari ovozlarining kamida 2/3 qismini "yoqlab" olgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini tayinlash uchun talabalar nomzodlarini tavsiya qiladi. Ovoz berishdan keyin nomzodlar soni kvota o‘rnidan oshib ketgan hollarda, ko‘proq ovoz olgan nomzodlarga afzallik beriladi. Tanlov komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’ati tomonidan tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi. Tanlov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalariga ega bo‘lmagan, ammo eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan tanlov ishtirokchilarini nomli davlat stipendiyalariga tavsiya qilish huquqiga ega.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining qarori davlat oliy ta’lim muassasalari uchun talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari talabalarga har yili bir o‘quv yiliga, 1 sentyabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat’iy muvofiq tayinlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining tantanali yig‘ilishida "Prezident stipendiyasi sohibi" guvohnomalari topshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiatlari bo‘lgan talabalar davlat oliy ta’lim muassasasini tugatgandan so‘ng ikki yil ichida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga (bakalavr-stipendiatlar uchun) grant asosida va aspiranturaga (magistr-stipendiatlar uchun) kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar. Agar aspirantura va magistratura bo‘yicha mutaxassisliklar mos kelmasa, kirish imtihonlari faqat aspirantura mutaxassisligi bo‘yicha topshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiatlari bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng ikki yil ichida magistraturada (bakalavr-stipendiatlar uchun) va aspiranturada (magistr-stipendiatlar uchun) o‘qishni davom ettirish uchun chet elga yuborish huquqini o‘zida saqlab qoladilar.
- Talabalarni joriy o‘zlashtirishdagi sustligi, o‘quv intizomini va ilmiy etikasini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalaridan mahrum qilish o‘quv yili davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’atining talaba tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasi qaysi vazirlik va idora tasarrufida bo‘lsa, o‘sha vazirlik va idoraning taqdimnomasi asosida qabul qilgan qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.