Buxoroda "Talaba Expo–2026" kasb ko‘rgazmasi – kelajak sari muhim qadam!
Buxoro shahrida yoshlarning kasb tanlashi, zamonaviy ta'lim yo‘nalishlari va kelajak imkoniyatlarini namoyon etuvchi "Talaba Expo–2026" kasb ko‘rgazmasi qizg‘in ruhda o'tdi.






Tadbirning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova hamda "Kelajakka qadam" loyihasi rahbari Elmurod Xoshimov so'zga chiqib, yoshlarga samimiy tilaklarini bildirdilar.
So‘zga chiqqanlar bugungi kunda bilim, kasb va zamonaviy ko‘nikmalar har bir yoshning eng katta boyligi ekanini ta'kidlab, ko‘rgazmada taqdim etilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, o‘z qiziqishiga mos istiqbolli kasbni tanlashga va kelajakni bugundan boshlab bunyod etishga chaqirdilar.
Shuningdek, barcha ishtirokchilarga ko‘rgazmada omad, yangi g‘oyalar va ulkan zafarlar tilab, bugungi tanlov ertangi muvaffaqiyat, yurt ravnaqi va shaxsiy taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Bugungi "Talaba Expo–2026" – bu shunchaki kasblar ko‘rgazmasi emas. Bu minglab yoshlar uchun yangi orzular sari ochilgan eshik, yangi imkoniyatlar maydoni va muvaffaqiyat sari tashlangan dadil qadamdir.