WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
17 AprelAprelAprel 2026 84 ko'rishlar

“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga start berildi

Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportni ommalashtirish hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalariga rasman start berildi. Bugun mazkur nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida yuqori saviyada tashkil etildi. Bu esa olimpiadaning respublika miqyosida keng qamrovli va tizimli yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.

Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, sportchi talabalar hamda sport to‘garaklari yetakchilari faol ishtirok etdilar. Xususan, Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva ham mazkur tadbirda qatnashib, talabalarga omad tiladi hamda sportning yoshlar hayotidagi o‘rni haqida fikr bildirdi.

Tadbir davomida viloyatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan ishtirok etayotgan talabalar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, hozirgi kunga qadar 7 ta sport turi bo‘yicha ishtirokchilar to‘liq ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan.

Ta’kidlanganidek, aprel–may oylarida o‘tkaziladigan mazkur olimpiada doirasida basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish hamda futbol sport turlari bo‘yicha qizg‘in bellashuvlar tashkil etiladi. Ushbu musobaqalar nafaqat talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi, balki ularning jismoniy salohiyatini oshirish, irodasini chiniqtirish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelajakda professional sportchilar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur musobaqalar orqali eng iqtidorli va salohiyatli talabalar saralanib, yuqori bosqichlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlari kutilmoqda.

Boshqa yangiliklar