WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
06 AprelAprelAprel 2026 17 ko'rishlar

Buyuk sarkarda va bunyodkor: Amir Temur merosi eʼzozlanmoqda

Qoʻqon davlat universiteti Gumanitar fanlar va tillar fakultetida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bagʻishlangan “Amir Temur va temuriylarning insoniyat tamaddunidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir tarixiy merosimizni chuqur oʻrganish, yosh avlod ongida milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, shuningdek, temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini keng targʻib etish maqsadida tashkil etildi.

Seminarni universitetning birinchi prorektori Ahmujon Husanov ochib berib, oʻz nutqida Amir Temur shaxsining nafaqat harbiy salohiyati, balki davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini alohida taʼkidladi. U temuriylar davri yurtimiz tarixida yuksalish davri boʻlganini qayd etib, bu merosni oʻrganish bugungi yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Seminarning asosiy maʼruzachisi, tarix fanlari doktori Bahriddin Usmonov tomonidan “Amir Temur va temuriylarning insoniyat tamaddunidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida batafsil maʼruza qilindi. Maʼruzada Amir Temur davrida shakllangan markazlashgan davlat tizimi, ilm-fan, meʼmorchilik, savdo-sotiq va madaniyatning yuksalish bosqichlari ilmiy asosda tahlil etildi.

Shuningdek, temuriylar sulolasi davrida bunyod etilgan ulkan meʼmoriy obidalar, rivoj topgan ilmiy maktablar hamda ularning jahon tamadduniga koʻrsatgan taʼsiri haqida atroflicha fikr yuritildi. Maʼruzachi temuriylar davrini Sharq Uygʻonish davrining muhim bosqichlaridan biri sifatida baholab, bu davrda ilm-fan va madaniyatning misli koʻrilmagan darajada taraqqiy etganini taʼkidladi.

Seminar davomida professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar oʻrtasida qizgʻin ilmiy munozaralar boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr va mulohazalar bildirilib, qator savollarga javoblar berildi.

Tadbir yakunida bunday ilmiy-maʼrifiy seminarlar yoshlarning tarixiy tafakkurini rivojlantirish, ularda ajdodlar merosiga hurmat ruhini shakllantirishda muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.

Boshqa yangiliklar