Talabalar moddiy rag‘batlantiriladi.
Bugun Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori Dilnoza Xodjayeva 3-dekabr — Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan bir guruh talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda D. Xodjayeva mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash turganligi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolganlarning huquq va erkinliklarni ro‘yobga chiqarish davlat rahbarining doimiy e’tiborida ekanligini ta’kidladi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda Qo‘qon davlat pedagogika institutida 132 nafar nogironligi bo‘lgan talabalar tahsil olmoqda. Ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Uchrashuvda institut rektori tomonidan 132 nafar nogironligi bo‘lgan talabalar bazaviy stipendiya miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik pul mablag‘i bilan rag‘batlantirilishi ma’lum qilindi.