“Tabiat uchun birlashamiz” — ekologiya va sogʻlom turmush targʻib etilgan yirik sport forumi boʻlib oʻtdi
Qoʻqon davlat universiteti hamda Ekologik partiya tashabbusi bilan “Tabiat uchun birlashamiz” shiori ostida ommaviy velosayl va sport forumi yuqori saviyada, koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Tadbir universitet hayotidagi eng yirik ommaviy sport-ijtimoiy loyihalardan biriga aylandi. Unda barcha fakultetlardan faol, tashabbuskor talaba-yoshlar, professor-oʻqituvchilar hamda jamoatchilik vakillari keng ishtirok etib, tabiatni asrash va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladilar.
Tadbirning eng yorqin qismlaridan biri ommaviy velosayl boʻlib, unda har bir fakultetdan saralab olingan velosipedchi talabalar yagona safda harakatlanib, ekologik toza transport vositalarini ommalashtirishga hissa qoʻshdilar. Ishtirokchilar sport kiyimlarida, fakultet nomlari aks etgan nakidkalarda maydonga chiqib, jamoaviylik va birdamlik timsolini namoyon etdilar. Eʼtiborlisi, nogironligi boʻlgan talabalar ham oʻz aravachalarida faol qatnashib, tadbirning inklyuziv va ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirdilar. Bu esa universitetda har bir talaba uchun teng imkoniyatlar yaratilayotganining amaliy ifodasi boʻldi.
Forum doirasida oʻtkazilgan 5000 qadam yurish aksiyasi talaba-yoshlar orasida katta qiziqish uygʻotdi. Mazkur aksiya orqali ishtirokchilar nafaqat jismoniy faollikni oshirdilar, balki tabiat bilan uygʻun yashash, sogʻlom hayot tarzini tanlash gʻoyalarini amalda namoyon etdilar. Shuningdek, barcha fakultetlar tomonidan tayyorlangan ommaviy badantarbiya mashqlari bir vaqtning oʻzida bajarilib, maydonda haqiqiy sport bayrami muhitini yuzaga keltirdi.
Tadbirning madaniy qismi ham alohida eʼtiborga molik boʻldi. Sanʼat va sport fakulteti tomonidan tashkil etilgan milliy orkestr va doirachilar chiqishlari, milliy cholgʻu asboblarining jarangi barcha ishtirokchilarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi. Rang-barang bayroqlar bilan bezatilgan hududda oʻtkazilgan “Koʻngil ekologiya” nomli rasmlar tanlovida esa iqtidorli rassom talabalar oʻz ijodiy ishlarini namoyish etib, tabiatni asrash gʻoyasini ijodiy ishlari orqali ifodaladilar.
Mazkur forum talaba-yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida eʼtirof etildi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar yoshlarni nafaqat jismonan chiniqtirish, balki ularni tabiatga mehr, atrof-muhitga masʼuliyat bilan qarash ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.