Transport prokurori kubogi
Toshkent davlat transport universitetida “Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori kubogi” musobaqasi boʻlib oʻtdi
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, sport ommaviyligini oshirish maqsadida joriy yilning 14–15-may kunlari Toshkent davlat transport universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida “Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokurori kubogi” sport musobaqasi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur sport bayramida 500 dan ortiq talaba-yosh ishtirok etib, o‘zaro bellashdilar. Musobaqa dasturiga muvofiq, ishtirokchilar sportning to‘rt turi — kurash, stritbol, shaxmat hamda stol tennisi bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Ta’kidlash joizki, ushbu musobaqa talabalarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi va irodasini, balki intellektual salohiyatini ham namoyon etishga xizmat qildi.
Tadbirning dastlabki kunida vazn o‘lchash va saralash bosqichlari bo‘lib o‘tdi. 15-may kuni esa barcha sport turlari bo‘yicha qizg‘in va murosasiz final bosqichining hal qiluvchi bahslari tashkil etilib, eng kuchli yoshlar saralab olindi.
Musobaqa yakunida tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi. Gʻolib va sovrindorlar diplom, kubok hamda noutbuk, planshet va telefon kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.