Xalqaro hamkorlik
Germaniyaning xalqaro akkreditatsiya agentligi (FIBAA) vakillari bilan ta’lim sifatini oshirish va xalqaro akkreditatsiya masalalari muhokama qilindi
Bugun Toshkent davlat transport universitetida Germaniyaning xalqaro akkreditatsiya agentligi — FIBAA (Foundation for International Business Administration Accreditation) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda FIBAA boshqaruvi direktori Nina Rotermund, FIBAA xalqaro akkreditatsiya bo‘limi boshlig‘i Yuliya Bleshmudt hamda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining Strategik rivojlantirish va xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ruxsora Abdurahmonova ishtirok etdilar.
Universitet tomonidan ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Said Shaumarov hamda Ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘i Botir Ibragimov qatnashdilar.
Muloqot davomida oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash tizimini takomillashtirish, xalqaro dastur akkreditatsiyasi jarayonlari, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida baholash hamda universitetda xalqaro akkreditatsiyani joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va kelgusida xalqaro akkreditatsiya yo‘nalishida yaqindan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun: FIBAA (Foundation for International Business Administration Accreditation) Germaniya, Shveysariya va Avstriya biznes hamjamiyatlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro akkreditatsiya agentligi bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim dasturlarini Yevropa standartlari asosida baholash hamda akkreditatsiyadan o‘tkazishga ixtisoslashgan nufuzli tashkilot hisoblanadi.