Buxoro davlat texnika universiteti delegatsiyasi Polotsk davlat universitetida.
Belarus Respublikasida bo‘lib turgan Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova boshchiligidagi delegatsiya Yevfrosiniya Polotskaya nomidagi Polotsk davlat universitetiga tashrif buyurdi.



Tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar mobilligini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Buxoro davlat texnika universiteti hamda Yevfrosiniya Polotskaya nomidagi Polotsk davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish hamda ta’lim va ilm-fan sohalarida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.


Muzokaralar yakunida 9 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari tasdiqlanib, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Qo‘shma fakultet tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy ilmiy-ta’lim laboratoriyalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.



Tashrif doirasida delegatsiya Yevfrosiniya Polotskaya nomidagi Polotsk davlat universitetining tarixiy kampusi — XVII–XVIII asrlarga oid sobiq Iyezuitlar Kollegiyasi majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Ekskursiya davomida universitetning ko‘p asrlik tarixi, noyob me'moriy obidalari, muzey ekspozitsiyalari hamda zamonaviy interaktiv ta'lim texnologiyalari namoyish etildi.



Buxoro davlat texnika universiteti delegatsiyasi Belarus Respublikasining yirik sanoat korxonalaridan biri — NAFTAN neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida delegatsiya korxona muzeyida zavodning tashkil topish tarixi, neftni qayta ishlash sanoatining rivojlanish bosqichlari, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari hamda innovatsion yondashuvlarni aks ettiruvchi ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, korxonaning sanoat salohiyati, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tizimi hamda ilm-fan va sanoat integratsiyasiga oid ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur tashrif universitet va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, amaliy tajriba almashish hamda kelgusidagi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.