Xitoyning Sian aeronavtika politexnika instituti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Qo‘qon davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Sian aeronavtika politexnika instituti (Xi'an Aeronautical Polytechnic Institute – XAPI) delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida muhim xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Delegatsiya tarkibidan XAPI Xalqaro hamkorlik va almashinuv direktori Liu Zhiwu, Aeronavtika ishlab chiqarish muhandisligi maktabi dekani Yao Rui, yangi energiya vositalarini qo‘llash va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi rahbari Tian Xiaohong, UAV (uchuvchisiz uchish apparatlari) texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis Kong Lingyin hamda institutning boshqa vakillari o‘rin oldilar. Mehmonlarni Qo‘qon davlat universiteti rahbariyati, xalqaro hamkorlik va o‘quv ishlari bo‘yicha mas’ullar tantanali ravishda kutib oldilar.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva so‘zga chiqib, keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. Shuningdek, universitetning ilmiy salohiyati, zamonaviy ta’lim muhiti hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng universitetlarning bugungi rivojlanish ko‘rsatkichlari, xalqaro reytinglardagi ishtiroki, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv imkoniyatlari hamda istiqboldagi loyihalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. O‘z navbatida XAPI delegatsiyasi rahbari Liu Zhiwu institut faoliyati, aeronavtika, muhandislik va innovatsion texnologiyalar yo‘nalishlaridagi tajribalar hamda Qo‘qon davlat universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.
Uchrashuvning eng muhim qismi hamkorlik loyihalariga bag‘ishlandi. Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan bir qator istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar. Xususan, Markaziy Osiyo dron akademiyasi, Smart ipak yo‘li innovatsiya markazi, Raqamli aviatsiya yozgi maktabi hamda Xitoy–O‘zbekiston kelajak muhandislari dasturini tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu tashabbuslar zamonaviy muhandislik ta’limini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion salohiyatini oshirish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish va xalqaro tajribalarni almashishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Texnik muhokamalar davomida uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalari, aviatsiya ishlab chiqarishi, yangi energiya vositalari, zamonaviy muhandislik ta’limi va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari keng ko‘lamda muhokama qilindi. Mutaxassislar ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Tadbirning eng muhim voqealaridan biri Qo‘qon davlat universiteti hamda Sian aeronavtika politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, akademik almashinuv, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda qo‘shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Marosim yakunida delegatsiya a’zolari ishtirokida xotira suratlari olindi, esdalik sovg‘alari topshirildi hamda rasmiy tushlik tashkil etildi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlab, istiqbolda yirik xalqaro ta’lim va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Qo‘qon davlat universitetida bo‘lib o‘tgan ushbu xalqaro uchrashuv oliy ta’limni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish yo‘lidagi muhim voqea sifatida e’tirof etildi.