Xiva shahri
Xorazm viloyati
95,000
Aholi
8
Universitetlar
5
Muzeylar
3
Kutubxonalar
0
Aeroportlar
1
Temir yo'l vokzallari
Xiva shahri - Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi eng ko`hna va qadimiy shaharlardan biri bo’lib, o’rta asr sharq mе'morchiligining tеngsiz javohiridir. U hozirgi Urganch shahridan 25 km janub tomonidagi tеkislikda joylashgan. Rivoyat qilishlariga ko’ra Xiva shahriga Nux payg’ambarning o’g’li Som asos solgan. Shahar karvon yo’lida joylashganligi uchun u еrda savdogarlar tеz-tеz bo’lishib turishardi.
Shaharga tushib, uning chuqur quduqidan chiqayotgan obihayotdan bahra olgan yo’lovchilar hayratdan “xеy-voh” dеb yuborishgan. Buni o’zlaricha talqin qilgan mahalliy axoli shaharni “Xеy-voh”, “Xayva”, “Xivaq” dеb aytib boshlashgan. O’sha davr solnomachilaridan biri Al-Istaxriy (930 yil) Xiva shahrini o’z davrining eng yirik 30 ta shahri ro’yxatiga kiritgan.
Eng mashhur diqqatga sazovor joylar:
Xiva shahrining eng diqqatga sazovor joylarini ziyorat qiling:
“Ichan Qal’a” davlat muzey - qo‘riqxonasi - Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik. Xivaning ichki qalʼa (Shahriston) qismi. Ichan qal’a shaharning Dishan qalʼa (tashqi qalʼa) qismidan yirik devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qalʼa) dan baland qoʻrgʻontepaga oʻxshab koʻrinadi. Unga 4 ta Bogʻcha, Polvon, Tosh va Ota darvozalari orqali kiriladi. Devorlar ichidagi shahar to'rtburchak shaklida bo‘lib, 26 gektar maydonni egallaydi. Devorlarning balandligi taxminan 10 metrga yetadi. Ichan qal’a muzey – qo‘riqxonasida hududida umumiy 54 ta tarixiy me’moriy obidalar, 360 xonadonda 2600 nafar aholi istiqomat qiladi. Ichan-qal’a davlat muzey - qo‘riqxonasi 1990-yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu e'tirof ushbu tarixiy shaharning ahamiyati va o‘ziga xosligini ta’kidlaydi. Ichan-qal’a ko‘p asrlar davomida Xivaning madaniy va diniy hayotining markazi bo‘lib kelgan va u o‘zining me’moriy durdonalari va eski dunyo muhiti bilan dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda;
Pahlavon Mahmud maqbarasi - Pahlavon Mahmud maqbarasi asosan XIV-asrda kichik go‘rxona shaklida qurilgan bo‘lib unda o‘z davrining katta “Piri” - Pahlavon Mahmud (1247-1326) jasadi ko‘milgan. Pahlavon Mahmud 1247 yilda Xiva shahrida po‘stindo‘z (kosib-hunarmand) oilasida tug‘ilgan. Yoshlik yillarda ota kasbi po‘stindo‘zlik bilan shug‘ullangan, so‘ngra xat-savod chiqarib, buyuk shoir faylasuf darajasiga erishgan. U juda ham zabardast pahlavon bo‘lib 79 yillik hayotida biron marta kuragi erga tegmagan. Pahlavon Mahmud zamonasining ilg‘or va hur fikrli faylasuf olimi, katta iste’dod va zakovat egasi bo‘lib, uni shoirlik mushohadasi jihatidan “Xorazm Xayyomi” deb ham atashgan.
Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o‘rnatilgani yoziladi. 1701-1702 yillarda Xiva xoni Shoniyozxon maqbarani yangidan quradi, bu davrdan bizga maqbaraga kiraverishdagi eshik yodgor qolgan. Hozirgi maqbara Muhammad Rahimxon I (1806-1825) tomonidan 1810 - yilda Qo‘ng‘irot shahriga qilingan muvaffaqiyatli yurishdan so‘ng qurila boshlagan va uning o‘g‘li Olloqulixon davrida qurib bitkazilgan. Maqbara 3 ta qismdan iborat. Qabrxona, xonaqoh va yo‘lak. Maqbaraning g‘arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmudning o‘zi dafn qilingan.Bugungi kunda ushbu maqbara Ichan qal’adagi eng muhim diniy va tarixiy obidalardan biri sanaladi;
Juma Masjid - Juma masjid “Ichan-Qal’a” ning sharqiy va g‘arbiy darvozalarini o‘ragan katta ko‘cha yoqasida joylashgan. X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi al-Maqsidiy Xivaning Juma masjidini birinchi marta tilga oldi. Biroq ko‘pdan beri yashab kelayotgan Xivaliklarning aytishlariga qaraganda, Ko‘hna masjid buzilib ketgan va uning o‘rniga 1788 yili xuddi o‘sha reja asosida ancha kengaytirib hozirgi masjid bino qilingan. Masjid binosining tashqi ko‘rinishi juda sodda, balandligi 4,5 metr, minorasining balandligi esa 42 metrga teng. Juma masjid bir qavatli tekis tomli imorat bo‘lib, umumiy 213 ta ustuni bor. Juma masjidning 108 ta ustuni 1983 yili aholidan sotib olingan. Ko‘plari esa XVIII-XX asr boshlariga oid naqshindor ustunlar bilan almashtirilgan. 1996-1997 yillarda Juma masjidi ta’mirlangan va hozirgi holatga keltirilgan.Masjidda qadimgi naqshinkor ustunlardan 15 tasi saqlanib qolgan, 8 ta ustun Toshkentdagi O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda;
Tosh hovli saroyi - Xivadagi mashhur va o‘ziga xos obidalardan biri bu Toshhovli saroyi bo‘lib 1829-1839 yillarda Olloqulixonning buyrug‘iga binoan uning vaziri Muhammad Ya’qub mehtar loyihasi asosida qurilgan. Bu saroy Xivadagi ikkinchi Ark, hukmdor – xonning qasri sifatida qurilgan. Pishgan g‘ishtlardan qurilgan Tosh hovlining nomi binoning o‘ziga xos rejasi va arxitekturasidan kelib chiqqan. Tosh hovli saroyi uchta katta va beshta kichik hovli, ikki qavatli ayvon va xonalardan iborat. Dastlab haram,so‘ngra mehmonxona, keyinchalik arzxona hovlilari bitkazilgan. Haramda xonning oilasi yashagan bo‘lsa, mehmonxona chetdan kelgan elchi, turkman sardori va qoraqalpoq biylari kabi ulug‘ mehmonlarga xizmat qilgan. Arzxonada fuqoraning arzi-dodi tinglansa, xorijdan kelgan elchilar rasman shu erda qabul qilingan;
Kalta Minor - Xivadagi minoralarning eng mashhurlaridan biri - nihoyasiga etkazilmagan Kalta minor (Ko‘k minor). Minora 1853-yilda Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan (shu nomli madrasa yonida) qurila boshlagan va 1855-yilda xonning Shimoliy Eronga yurish paytida o‘ldirilishi va taxtga Abdullaxonning o‘tirishi bilan qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Xalq ichida bu obidaning qurilishi borasida ko‘plab har xil rivoyat va afsonalar tarqalgan.
Minora hozirgi paytda kesik konus shaklida. Hozirning o‘zida ham haybatli ko‘rinishga ega bo‘lib pastdagi diametri – 14,5 metr, balandligi – 29 metr va fundament chuqurligi – 15 metrni tashkil qiladi. Minoraning dinamik qisqarishiga qarab, agarda ushbu minora oxiriga yetkazilganida 100 metrga yaqin bo‘lib, dunyodagi eng katta va baland minora bo‘lishi mumkin deb taxmin qilinadi. Hozirda Kalta Minor Ichan qal’a va Xiva shahrining ramzlaridan biri hisoblanadi.;
Islomxo‘ja minorasi - Islom xo‘ja madrasasining oldida bunyod etilgan minora (shu nomdagi) o‘zining hashamati va go‘zalligi bilan ajralib turadi. Minoraning balandligi 51 metr bo‘lib, manbalarga ko‘ra uning qurilishiga yarim million g‘isht ishlatilgan. Minoraning tepasi nafis karniz va qubbali fonus bilan tugallangan. Fonus yuzasi turli shakldagi sopol-g‘ishtchalar bilan bezatilgan, ularning orasi esa rang- barang sirkor koshinlar bilan to‘ldirilgan. Minoraga aylanma zinapoya orqali (balandligi 35 – 40 sm., 118 ta zinapoya) ko‘tariladi. Ichkariga yorug‘lik tushib turishi uchun aylana bo‘ylab 10 ta tuynuk ishlangan. Yuqorisining umumiy kuzatuv maydonchasida 6 ta panjarali deraza o‘rnatilgan. Minorani 14 ta koshinli belbog‘ bezab turadi. Uning tepasiga balandligi ikki yarim metrlik misdan ishlangan qubba qo‘yib, ustiga shamol harakatiga qarab aylanib turadigan hilol oy tasviri o‘rnatilgan. 1997 yilda bu o‘nta bo‘lakdan iborat bo‘lgan qubba erga tushirilib, tilla suvi bilan qoplanib ta’mirlandi.
Minoraning qurilishiga bag‘ishlab shoir Niyoziy tarixiy matn bitgan va uni xonning buyrug‘i bilan marmarga yozib, minoraning yerdan chamasi o‘n metr balandligida o‘rnatishgan.;
Nurullaboy majmuasi - eng hashamatli, eng jozibali, eng ko‘rkam va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi. Ichanqal’ada imoratlar soni ko‘payib, yangi - yangi bog‘–rog‘li joylar qurish imkoni kamaygach, Muhammad Rahimxon I o‘z o‘g‘illari Mahmud to‘ra, Muhammad to‘ralarga shaharning g‘arbiy tomonidan hovli joylar qurib beradi. Sayid Muhammad to‘ra xon bo‘lgach, (1856 y) esa bu uylarga yaqin joyda bir ko‘rinishxona qurilishini vaziri Xasanmurod Qushbegiga topshiradi. Bayoniy va Ogahiylarnig yozishicha “Nurullaboy” nomi bilan mashhur bog‘dagi yangi imoratlarning kun chiqar tomonida qurilgan bu ko‘rinishxona juda chiroyli bo‘lib, unga Ogahiy shunday tarix aytgan:- “Ko‘rinishxona u valo” (ulug‘ ko‘rinishxona) ushbu so‘zlardan abjad hisobi bo‘yicha hijriy 1276 melodiy 1859 yillar topildi;
Qibla toza bog` majmuasi - Xiva saroylari va qasrlari orasida eng mashhurlaridan biri bo`lib, Muhammad Rahimxon (Feruz) tomonidan 1897 yilda qurilgan. Saroy o‘zining kengligi, me’moriy uslubi, Xivaga xos ayvonlarning turli tumanligi, qurilish texnikasining betakrorligi bilan ajralib turadi. Saroy uchta katta kompleksdan iborat: birinchi hovli xon va saroy ahli xizmatkorlar uchun, ikkinchi hovlida xon va uning oila a’zolari yashaydigan bir necha ayvon, uchinchi hovli-ovro‘pacha uslubda qurilgan ayvon va xonalardan iborat;
Ogohiy uy-muzeyi - Ogahiy uy muzeyi - 1999-yilda Xorazm viloyati, Xiva shahridagi Qiyot mahallasida Muhammad Rizo Ogahiyning uyida tashkil etilgan uy-muzey hisoblanadi. Muzeyning oldida buyuk mutafakkir Muhammad Rizo Ogahiyning haykali oʻrnatilgan. M.R.Ogahiyning uy-muzeyi Koʻhna Arkdan taxminan 5-6 chaqirim masofada Xiva-Qoʻshko‘pir yoʻlida joylashgan. Shoirning uyida „Ogahiy bogʻi“ ham tashkil etilgan boʻlib, bu yerda Muhammad Rizo Ogahiyning oʻzi ekkan tut daraxti ham bor mavjud. 2019-yil 16-17 dekabr kunlari shoirning 210 yillik yubileyini nishonlandi va Ogahiy uy-muzeyi qayatadan restavratsiya qilindi. Hozirda uy-muzey „Ichan-qal’a“ davlat muzey-qo‘riqxonasining filiali hisoblanadi.
Iqlimi. Xorazm viloyatining iqlimi quruq kontinental iqlim bo`lib, yoz oylari issiq va qurg‘oq, qish oylari namligi kam sovuq deb taʼriflash mumkin, shuning uchun yilning bu faslida Xiva shahriga sayohat qilganda o‘zingiz bilan soyabon va quyosh nuridan saqlovchi krem olishni unutmang.
Oshxonasi. O’zbek milliy taomlarini tayyorlanish jarayoni va ovqatlanish madaniyati juda uzoq tarixga ega va xalqning ko’p yillik tajribasiga asoslanadi. Urf-odat va an’nalar hududning iqlim sharoitidan va mahalliy aholining turmush tarzidan kelib chiqqan holda shakllangan. Har bir hudud aholisi milliy taomlar tayyorlash borasida o’z uslubiga ega. Ayniqsa Xorazm viloyati o’zining taomlari va ularni tayyorlashning maxsus uslubi bilan mashhur. Har bir taom o’zining maxsus ta’miga ega ayniqsa, "Xorazm palovi", "Tuxum barak", "Ushoq barak", "Shivit oshi", qovurilgan baliq va boshqalar.
Sovg‘alar va suvenirlar:
Xiva shahridagi “Ichan qal`a muzey qo`riqxonasi” hamda “Nurillaboy majmuasi” hududlarida turli xil esdalik do‘konlarini va ustaxonalarini topishingiz mumkin. Xiva shahri - O‘zbekistonning milliy hunarmandchilik sohasi rivojlangan shaharlaridan hisoblanadi. Do‘konlarning aksariyati “Ichan qal`a muzey qo`riqxonasi” hududida joylashgan. Xorazmning mashhur bosh kiyimi “cho`girma” dan tortib boshqa bir qator kiyimlarni, qo`l mehnati o`ymakorlik mahsulotlarlarini xarid qilishingiz mumkin.
Universitetlar
Urganch RANCH Texnologiya Universiteti
O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali
Urganch innovatsion universiteti
Urganch davlat tibbiyot instituti
Al-Xorazmiy universiteti
Urganch davlat pedagogika instituti
Ma'mun universiteti