WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Islom iqtisodiyoti va moliyasi

Bakalavr Kunduzgi 4 yil

Dastur haqida

60410100 – “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mamlakatimizda islom iqtisodiyoti va moliyasi sohasi uchun raqobatbardosh, yuqori malakali va zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida kunduzgi ta’lim shakllarida tashkil etilib, bakalavriat dasturining me’yoriy muddati 4 yilni tashkil etadi.
Ta’lim jarayonida talabalar iqtisodiyot nazariyasi, mikro va makroiqtisodiyot, moliya, moliyaviy hisob, iqtisodiy tahlil, ekonometrika, arab tili, islom huquqshunosligi, islom iqtisodiyoti asoslari, islom moliyasi, islom bank ishi, islom buxgalteriya hisobi, moliyaviy menejment, vaqf menejmenti hamda boshqa fundamental va ixtisoslik fanlarini chuqur o‘rganadilar. Bu fanlar talabalarda iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, moliyaviy qarorlar qabul qilish va shariat talablariga muvofiq moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Mazkur yo‘nalish bitiruvchilari islom iqtisodiyoti va moliyasi sohasidagi davlat organlari, tijorat banklari, islom banklari va islom bank xizmatlari (islomiy darchalar), nobank kredit tashkilotlari, mikromoliya va sug‘urta kompaniyalari, investitsiya va lizing kompaniyalari, xalqaro moliya institutlari, konsalting va audit tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda boshqa iqtisodiy sub’ektlarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ta’lim yo‘nalishi doirasida talabalar islomiy moliyalashtirish instrumentlari – murobaha, mudoraba, mushoraka, ijara, salam, istisno, sukuk, takaful, vaqf va zakot kabi moliyaviy mexanizmlarning iqtisodiy mazmunini o‘rganib, ularni amaliyotda qo‘llash, moliyaviy risklarni baholash va boshqarish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish, raqamli texnologiyalar va axborot tizimlaridan samarali foydalanish bo‘yicha mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Shuningdek, AAOIFI, IFSB va boshqa xalqaro islom moliyasi standartlarini qo‘llash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kompetensiyalari shakllantiriladi.
Ushbu ta’lim yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar iqtisodchi va moliyachi kvalifikatsiyasiga ega bo‘lib, islom moliyasi bozorini rivojlantirish, shariat talablariga muvofiq moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, moliyaviy tahlil va boshqaruv, shuningdek, pedagogik qayta tayyorlashdan o‘tgan holda professional ta’lim muassasalarida ta’lim berish sohalarida faoliyat yuritishlari mumkin.

O'xshash dasturlar