UrDU o‘qituvchisi Ozarbayjondagi xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida ishtirok etdi
2026-yil 10–12-aprel kunlari Ozarbayjonning Mingechevir shahrida bo‘lib o‘tgan "GLC International Education Fair" xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida UrDU o‘qituvchisi Suxrob Sitanov universitetning ta’lim va xalqaro hamkorlik salohiyatini namoyish etdi.
Ozarbayjon Respublikasi Mingechevir shahrida 2026-yil 10–12-aprel kunlari “GLC International Education Fair” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli ta’lim yarmarkasida Ozarbayjonning “Ingla International and Training Center” tashkiloti taklifiga binoan Urganch davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi Suxrob Sitanov ishtirok etdi.
Ko‘rgazma davomida turli davlatlardan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillari o‘z ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalari hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdilar. Shuningdek, xalqaro tajriba almashish, ta’lim sifatini oshirish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. S. Sitanovning ishtiroki UrDUning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va xorijiy ta’lim markazlari bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.