Universitet delegatsiyasi Pekin shahrida ilmiy safarda bo‘ldi
Urganch davlat universiteti delegatsiyasi 30-avgust – 4-sentabr kunlari Pekin shahrida bo‘lib, Ikkinchi Xitoy–O‘zbekiston kompleks analiz konferensiyasida ishtirok etdi hamda Pekin universiteti bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Joriy yilning 30-avgust – 4-sentabr kunlari Urganch davlat universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori A. Atamuratov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida ilmiy safarda bo‘ldi.
Safar davomida delegatsiya vakillari Pekin universiteti qoshidagi Pekin Xalqaro Matematik tadqiqotlar markazida o‘tkazilgan Ikkinchi Xitoy–O‘zbekiston kompleks analiz konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiyada Urganch davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti dekani R. Sharipov, Matematik tahlil kafedrasi o‘qituvchilari J. Ashirov va S. Bekchanov ham qatnashib, yetakchi olimlarning ilmiy ma’ruzalarini tingladilar va o‘z tadqiqot natijalarini xalqaro ilmiy jamoatchilikka taqdim etdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston olimlari delegatsiyasining Pekin universiteti vitse-prezidenti Fang Fang bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Urganch davlat universitetida tashkil etilgan Pekin–Urganch xalqaro matematik tadqiqotlar markazi faoliyatini yanada rivojlantirish, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida 2027-yilda navbatdagi xalqaro konferensiyani Urganch shahrida tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Pekin Xalqaro Matematik tadqiqotlar markazi rahbariyatining kelgusida Urganch shahriga tashrif buyurishi yuzasidan fikr almashildi.