Rimda Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining Ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi
18-fevral kuni Italiya poytaxti Rim shahridagi Roma Tre universitetida Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining Ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi. Ilmiy-innovatsion hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ushbu anjuman ikki mamlakat akademik doiralari oʻrtasidagi muloqot va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish milliy agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldashev, Roma Tre universiteti rektori professor Massimiliano Fioruchchi, Italiya davlat va xususiy universitetlari assotsiatsiyasi (CHRUI) prezidenti professor Laura Ramachiotti, shuningdek, ikki mamlakat oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.


Forumda soʻzga chiqqan vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim, fan, texnologiya, madaniy almashinuv, turizm va iqtisodiy hamkorlik yoʻnalishlarida keng qamrovli aloqalar rivojlanmoqda.
Vazir, shuningdek, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va Piza universiteti filiallari Oʻzbekiston–Italiya taʼlim hamkorligining amaliy namunasi ekanini, soʻnggi ikki yilda 100 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar Italiya oliygohlarida stajirovka oʻtaganini, mamlakatimizda esa 750 nafardan ziyod talabalar italyan tilini oʻrganayotganini taʼkidladi.

Tadbir davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi qoʻshma ilmiy tanlov natijalari taqdim etildi. Mazkur tanlov 2025-yil yanvar oyida eʼlon qilinib, zamonaviy ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda xalqaro ilmiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan.

Tanlov doirasida 199 ta taklifdan eng yuqori ball toʻplagan 10 ta eng yaxshi qoʻshma ilmiy loyiha Oʻzbekiston–Italiya Qoʻshma boshqaruv qoʻmitasi tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi. Ushbu loyihalar ikki mamlakatning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari oʻrtasida amalga oshiriladi
Shuningdek, Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari oʻrtasida yangi ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

