Toshkent davlat yuridik universiteti bitiruvchilari — yangi marralar sari!
Bugun poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida Toshkent davlat yuridik universitetining 2025/2026-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2025/2026-o‘quv yilidagi muhim natijalar:
— 200 nafardan ortiq talaba Italiya, Polsha, Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Turkiya va Koreya Respublikasidagi nufuzli universitetlarda akademik mobillik dasturlari asosida tahsil oldi;
— 100 nafarga yaqin xorijiy talaba TDYUda ta’lim oldi;
— 50 nafarga yaqin bitiruvchi AQSH va Yevropaning nufuzli universitetlarida magistratura bosqichida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi;
— 8 nafar talaba Prezident, Navoiy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalariga, 30 nafardan ortiq talaba esa turli vazirlik va idoralar stipendiyalariga sazovor bo‘ldi;
— TDYU jamoasi AQSHda o‘tkazilgan nufuzli “Jessup Moot” xalqaro tanlovida 800 ga yaqin jamoa orasida 11-o‘rinni egalladi;
— universitetning 1490 nafar bitiruvchisi diplomini olishidan avval davlat organlari, sud-huquq va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar hamda xususiy sektorda ish bilan ta’minlandi.
Tadbirda TDYUning nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning TOP-500 universitetlari qatoridan joy olgani, ta’lim sifati va bitiruvchilar bandligi yo‘nalishlarida yuqori baholanayotgani universitetda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning xalqaro e’tirofi ekani ta’kidlandi.
Tantanali marosim davomida bitiruvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ularning yutuqlarida munosib hissasi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va ota-onalarga, shuningdek, universitet bilan hamkorlik qilib kelayotgan tashkilotlarga samimiy minnatdorlik bildirildi.