WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
12 MayMayMay 2026 84 ko'rishlar

Sahna va iste’dod: unutilmas raqs kechasi oʻtkazildi

Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti tashabbusi bilan talabalar ishtirokida unutilmas raqs kechasi tashkil etildi. Turon madaniyat saroyida yuqori saviyada o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlarda san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qildi. Bayramona ruhda o‘tgan kecha davomida milliy va zamonaviy raqslar uyg‘unligi tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirni universitet birinchi prorektori Ahmadjon Husanov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar talabalarning har tomonlama kamol topishida muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Shuningdek, fakultet jamoasiga tashkiliy ishlar uchun minnatdorlik bildirib, talabalarga kelgusidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Raqs kechasi davomida fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan rang-barang chiqishlar namoyish etildi. Sahna ko‘rinishlari, milliy liboslar jilosi va zamonaviy xoreografiya elementlari uyg‘unligi tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi. Ayniqsa, xalq raqslari va zamonaviy raqs yo‘nalishlari sintezida yaratilgan kompozitsiyalar tomoshabinlar tomonidan olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Tadbir yakunida faol va iqtidorli talabalar munosib taqdirlandi. Ularga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa yoshlarda yanada katta marralarni zabt etish, o‘z ustida ishlash va ijodiy izlanishlarni davom ettirishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirdi.

Mazkur raqs kechasi nafaqat san’at bayrami, balki yoshlarning iste’dodini kashf etish, ularni rag‘batlantirish hamda universitet hayotini yanada jonlantirishga xizmat qilgan muhim madaniy tadbir sifatida yodda qoldi.

Boshqa yangiliklar