Ilm-fan
Toshkent davlat transport universiteti magistranti o‘z innovatsion loyihasini Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qildi
Toshkent davlat transport universiteti magistranti, Yoshlar akademiyasi a’zosi Oyshaxon Qodirova poytaxtimizda o‘tkazilgan “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumida o‘zining innovatsion g‘oyasini bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi.
Magistrantimiz Oyshaxon Qodirova tomonidan Davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan ushbu “Bionik ko‘chat ekish” loyihasi qishloq xo‘jaligida inson mehnatini yengillashtirish va ish unumdorligini keskin oshirishga qaratilgan. Loyihaga ko‘ra, avtomat rejimda ishlovchi mini-traktor bir vaqtning o‘zida yerni tekislash, chuqur qazish, ozuqa tashlash, suv quyish hamda ko‘chat ekish funksiyalarini to‘liq bajaradi. Xorijiy muqobillaridan bir necha barobar arzon bo‘lgan ushbu uskuna yordamida ko‘chatlarning nobud bo‘lish xavfi kamayib, ish samaradorligi 4-5 barobarga ortishi kutilmoqda.
Prezidentimizga qilingan muvaffaqiyatli taqdimotdan so‘ng, ushbu istiqbolli loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy mexanizmlari qat’iy belgilab berildi. Umumiy qiymati 500 million so‘mga baholangan ushbu tashabbus tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda tajriba-sinovdan o‘tkazilib, kelgusida to‘liq tijoratlashtiriladi. Universitetimiz yoshlarining davlat miqyosidagi eng nufuzli minbarlarda, shaxsan Yurtboshimizga o‘z ilmiy yechimlarini dadil taqdim etayotgani va amaliy qo‘llab-quvvatlovga erishayotgani oliygohimiz tayyorlayotgan muhandis kadrlarning yuksak salohiyatidan dalolat beradi.