"QDU" — kuchli uchlikda, yetakchilik sari intilmoqda
Qoʻqon davlat universitetida yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar tobora yaxshilanmoqda. Bugun davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etilgan, 400 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Tantanali marosimda universitet rektori Dilnoza Xodjayeva, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov, prorektorlar, fakultet dekanlari va talabalar ishtirok etdilar. Quruvchilar fidokorona mehnati uchun taqdirlanib, ularga ramziy hurmat ifodasi sifatida to‘n kiydirildi.
“Talabalarimiz uchun yaratilayotgan bunday shinam va zamonaviy sharoitlar ularning bilim olishiga, ijodiy izlanishiga va yuksak marralarga erishishiga xizmat qiladi.”, — dedi Dilnoza Xodjayeva. Mazkur yangi binoning foydalanishga topshirilishi natijasida joriy o‘quv yilida Qoʻqon davlat universiteti talabalar yotoqxonasidagi umumiy o‘rinlar soni 3070 taga yetdi. Bu esa talabalarga yanada qulay, shinam va xavfsiz yashash imkonini bermoqda. Yangi qurilgan yotoqxonada axborot-resurs markazi, ma’naviyat xonasi, zamonaviy oshxona, kir yuvish, quritish va dazmollash xonalari, shuningdek, har bir talaba uchun zarur jihozlar mavjud. Ushbu imkoniyatlar talabalarning nafaqat bilim olishiga, balki bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishi, ijodiy va ma’naviy rivojlanishiga xizmat qiladi. Qo‘qon davlat universitetida yoshlarga qulay sharoit yaratish yo‘lidagi bunday amaliy ishlar ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, yurtimiz ravnaqi yo‘lida faol va yetuk mutaxassis bo‘lib ulg‘ayishlariga zamin yaratmoqda.