WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
← Barcha yangiliklar
23 AprelAprelAprel 2026 13 ko'rishlar

NamDTU Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchilari bilan strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

NamDTU Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchilari bilan strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Ayni kunlarda Namangan davlat texnika universiteti rektori, professor Oybek Ergashev hamda To‘qimachilik sanoati injineringi fakulteti professori Zokirjon Erkinov Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, sohaga oid yetakchi sanoat korxonalari va ilmiy markazlar bilan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Mazkur tashrif oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvlar davomida Xitoyning yirik kimyoviy tola, nanotexnologiyalar hamda zamonaviy texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, nanotexnologiyalar asosida innovatsion materiallar yaratish, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvi, shuningdek, xalqaro darajadagi master-klasslar va seminarlar o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi kimyoviy tola va yuqori texnologik materiallar ishlab chiqarish sohasida global yetakchi hisoblanib, jahon bozoridagi umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb 75 foizi ushbu davlat ulushiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, nanotexnologiyalar asosidagi zamonaviy tolalar va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish borasida Xitoy tajribasi dunyo miqyosida katta ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur hamkorlik Namangan davlat texnika universitetida innovatsion va nanotexnologik yondashuvlarni keng joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda respublika to‘qimachilik sanoatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar