Urganch davlat universitetida arxitektura sohasi bo‘yicha Malayziya tajribasi ulashildi
Malayziya Islom fanlar universiteti va MAG Architect kompaniyasi mutaxassislari UrDUda zamonaviy arxitektura va shaharsozlik bo‘yicha tajribalarini taqdim etdilar.
Bugun, 12-fevral kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga Malayziyaning nufuzli ta’lim va amaliyot vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Malayziya Islom fanlar universiteti Arxitektura kafedrasi hamda MAG Architect Sdn. Bhd arxitektura kompaniyasi mutaxassislari Texnika fakultetida bo‘lib, Arxitektura kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida Malayziya delegatsiyasi vakillari tomonidan zamonaviy arxitektura va xalqaro tajribaga oid ma’ruzalar taqdim etildi. Ma’ruzachilar Malayziyada tibbiyot muassasalari va turar-joy binolarini loyihalash, amaliy arxitektura yechimlari, shuningdek, shaharsozlikda tarixiy-madaniy omillarning o‘rni haqida so‘z yuritdilar. Taqdimotlarda real loyihalar misolida ilg‘or tajribalar yoritilib, talaba va mutaxassislar uchun foydali bilim hamda innovatsion g‘oyalar taqdim etildi.



