QDPI: ko‘rik-tanlov teatr va san’at bayramiga aylandi
Talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularni teatr san’atiga muhabbat ruhida tarbiyalash, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy muammolar va salbiy holatlarni sahna ko‘rinishlari orqali keng jamoatchilikka yetkazishda “Talabalar teatr studiyasi” ko‘rik-tanlovining o‘rni katta.
Bugungi tanlovning ochilish marosimida so‘zga chiqqan birinchi prorektori I. Oxunov inson ma’naviy olamini yuksaltirish, ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr san’atining o‘rni beqiyosligi, san’at odamlarni ezgulikka, yaxshilikka undashi, teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat maskani ekanligini ta’kidlab, jamoalarga omad tiladi.
Tanlov yuqori saviyada tashkil etilib, talabalar tomonidan sahnalashtirilgan asarlar tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Hakamlar hay’ati a’zolarining yakuniy xulosalariga ko‘ra, Tarix fakultetining “Havoqand yoshlari” jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Abdurauf Fitrat” nomli spektakl 1-o‘rinni, O‘zbek tili va adabiyoti fakultetining “Ko‘hinur” jamoasi sahnalashtirgan “O‘tkan kunlar” spektakli 2-o‘rinni, Xorijiy tillar fakultetining “Navras” jamoasi tomonidan tayyorlangan “G‘ulom Zafariy” spektakli hamda Maktabgacha taʼlim fakultetining “Ibrat” jamosi sahnalashtirgan “Ibrat” filmidan parcha 3-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, “Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasida Tarix fakulteti talabasi Muhammadqodir Avazov, “Eng yaxshi ayol roli uchun” nominatsiyasida O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi Mushtariy Erkinova g‘olib deb topilib, tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.