Buxoroda Avstriyaning Krems Amaliy fanlar universiteti tajribasi asosida iqtisod va turizm yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilinadi.
Vena shahrida joylashgan Krems Amaliy fanlar universiteti delegatsiyasi Buxoroga tashrif buyurib, viloyat hokimi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda turizm, tadbirkorlik va malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’lim dasturlarini joriy etish hamda xalqaro standartlar asosida ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, grant loyihalari va amaliyot dasturlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi. Tomonlar O‘zbekiston–Avstriya ta’lim aloqalarini mustahkamlash yoshlarni global turizm va zamonaviy sohalarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Vena shahrida joylashgan Krems Amaliy fanlar universiteti Avstriyadagi eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri sanalib, 1994-yilda xususiy xalqaro biznes maktabi sifatida tashkil etilgan.
2002-yilda Avstriya hukumati tomonidan rasman Avstriya amaliy fanlar universiteti nomini olgan. Bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasi 99 foizni tashkil etadi. Universitetda 27 sohaga yoʻnaltirilgan 3 ta institut (biznes boshqaruvi, sogʻliqni saqlash va biotexnologiya) faoliyat olib boradi.
Ayni paytda 4000 nafardan ortiq talaba va 600 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilarga ega universitetning xalqaro xamkorlari 200 ga yaqin.
Universitetga Yevropa hamda xalqaro sifat nazorat agentliklari tomonidan ISO sertifikatlari (ISO 9001, ISO 14001, ISO 29990) berilgan. Ozarbayjon, Xitoy, Misr va Saudiya Arabistoni hamda Oʻzbekistondan Iqtisodiyot universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻygan.
Bugun Krems Amaliy fanlar universiteti asoschisi va kuzatuv Kengashi raisi, professor Xayns Boyyer boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga keldi. Mehmonlarni viloyat hokimi Botir Zaripov qabul qildi.
Samimiy oʻtgan muloqotda turizm, tadbirkorlik va talabalar tayyorlashda oʻzaro hamkorlik masalalari, shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturi (“dual degree program”)ning amaliy natijasi, kadrlar tayyorlash jarayoniga xalqaro standartni joriy etish hamda amaliyot dasturlarini takomillashtirish mavzulari muhokama qilindi.
Shuningdek, taʼlim sifatini oshirish, raqamli yechim asosida baholash tizimini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar almashinuvi va xalqaro grant loyihalarini ilgari surish masalalari ham koʻtarildi.
Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekiston va Avstriya oʻrtasidagi taʼlim aloqalarining mustahkamlanishi ikki mamlakat yoshlarini global turizmning yangi bosqichlariga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Shuningdek, oʻqituvchilar almashinuvi, xalqaro grant loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish kabi yoʻnalishlarda fikr almashildi.
Xayns Boyer Buxoroda oliy taʼlimga qaratilayotgan eʼtiborni yuqori baholab, turizm, tibbiyot sohalariga xalqaro standartlar boʻyicha malakali kadrlar yetkazib berish borasida hamkorlik yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.
— Buxoroga ikkinchi bor kelishim. Bu koʻhna va hamisha navqiron shaharni Yevropada juda yaxshi bilishadi. Bu yerda azaldan ilm-maʼrifat rivojlangan. Ayniqsa, hozirda bu yerga koʻplab sayyohlar kelyapti. Shuni hisobga olib, viloyatda turizm, mehmonxona xoʻjaligi va taʼlimni birlashtirgan katta loyihani rejalashtirib turibmiz. Bu dual taʼlimga asoslanadi va ishonchim komil, hamkorligimiz kelajakda Buxoro va Avstriya aloqalarida koʻprik boʻladi, - dedi Xayns Boyer.