Namangandan Degu sari: ikki iqtidorli talaba Janubiy Koreyada ta’limni davom ettiradi
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Filologiya fakulteti KOR-AU-23 guruhi talabalari — Abduhakimova Ruxsora hamda Bahtiyorova Gulhayo nufuzli Global Korea Scholarship (GKS) davlat grantini qo‘lga kiritib, Koreya Respublikasiga jo‘nab ketishdi.
Talabalar o‘qishni Daegu Universityda davom ettiradi. Mazkur grant Koreya Respublikasi hukumati tomonidan iqtidorli xorijiy talabalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik mobillikni kengaytirish hamda global ilmiy integratsiyani mustahkamlash maqsadida ajratiladi.
Institutda talabalarni xalqaro grant va almashinuv dasturlariga tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yutuq — mazkur strategiyaning amaliy samarasi sifatida e’tirof etiladi. Talabalarni kuzatish jarayonida fakultet mas’ullari hamda koreys tili o‘qituvchisi N.Xo‘janazarova tomonidan xalqaro ta’lim muhitiga moslashuv, ilmiy intizom, xorijiy tajribani chuqur o‘zlashtirish va milliy qadriyatlarni munosib namoyon etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur muvaffaqiyat:
— Institutning hamkorlik geografiyasini kengaytiradi;
— akademik mobillik ko‘rsatkichlarini oshiradi;
— Janubiy Koreya bilan oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlaydi;
— global raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash siyosatini amalda tasdiqlaydi.