Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi
UrDUda Xitoyning XCMG korporatsiyasi va Suychjou texnologiya universiteti vakillari bilan mashinasozlik yo‘nalishidagi "2+1+1" qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Bugun Xitoy Xalq Respublikasining yirik sanoat korporatsiyalaridan biri — XCMG kompaniyalar guruhi Global ta’lim va o‘qitish markazi direktori Chjan Lina hamda Suychjou texnologiya universiteti vitse-prezidenti Xuan Chuanxuey boshchiligidagi delegatsiya Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlar universitet rektori Feruza Madrahimova boshchiligidagi jamoa tomonidan samimiy kutib olindi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan rasmiy muzokaralarda UrDU, Xuzhou texnika universiteti va XCMG hamkorligida texnika hamda mashinasozlik yo‘nalishlarida tashkil etilayotgan "2+1+1" qo‘shma ta’lim dasturining tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro standartlarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Xitoylik vakillar universitetda yaratilgan zamonaviy infratuzilmani yuqori baholab, amaliy hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.