Malayziya hamda Indoneziya universitetlari o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Malayziyaning MARA Texnologiya Universitetining tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Norazah Abd Rahmon hamda Indoneziyaning Bali universitetlar assotsiatsiyasi raisi doktor Vayan Adnyana tashrifi buyurdi. Mehmonlar universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Sultonali Mehmonov bilan uchrashishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar oliy ta’lim tizimidagi zamonaviy tendensiyalar, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy hamkorlik doirasida nufuzli xalqaro ma’lumotlar bazalari, jumladan, Scopus va boshqa indekslangan platformalarda qo‘shma ilmiy maqolalarni chop etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish borasida hamkorlik qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrif yakunida kelgusidagi hamkorlikni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro aloqalarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.