Janubiy Koreya bilan akademik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Qo‘qon universitetida xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. Universitet hamda Janubiy Koreyaning Chodang universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding) imzolandi. Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida quyidagi yo‘nalishlar belgilandi:
— professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi;
— qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va natijalarni nashr etish;
— akademik ma’lumotlar, adabiyotlar va nashrlar almashinuvi;
— ilmiy markazlar va laboratoriyalar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish;
— ma’muriy va ilmiy xodimlar tajriba almashinuvi.