Turkiyalik olimga Qo‘qon davlat pedagogika instituti faxriy professori unvoni berildi.
Institut majlislar zalida o‘tkazilgan tadbirda oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Oybek Bozorov Turkiyaning Otaturk universiteti olimi Husayn Baydemirga Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika instituti faxriy professori unvonini topshirdi. Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Oybek Bozorov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarning kengayishida madaniyat, adabiyot va olimlarning xizmatlarini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Husayn Baydemirning ilm-fan va oliy ta’lim oldidagi xizmatlari, oliygohlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etib, minnatdorlik bildirdi.
So‘zga chiqqan Husayn Baydemir uning pedagogik faoliyatiga berilgan baho uchun institut jamoasi va rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Otaturk universiteti o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ko‘lami yildan-yilga kengayib, o‘z natija va samaralarini yuzaga chiqarmoqda.