“Ilmli ona — mustahkam oila tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universiteti Gumanitar fanlar va tillar fakultetida 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Ilmli ona — mustahkam oila tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularda oila qadriyatlariga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, shuningdek, turmush qurish jarayonidagi huquqiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuvda Qo‘qon davlat universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Xusanov, universitet yurist-konsultanti Xayrulla Hazratqulov hamda Qo‘qon shahar FHDYO bo‘limi boshlig‘i Nozima Shokirova иштирок etdilar. Mutaxassislar tomonidan oilaning jamiyatdagi o‘rni, yoshlarning oila qurishdagi mas’uliyati, nikohning huquqiy asoslari hamda sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida oila institutini mustahkamlashda, avvalo, onalarning o‘rni va mas’uliyati beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar farzand tarbiyasida ilm-ma’rifatli, ma’naviy yetuk onalarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, bugungi kunda yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, uchrashuvda talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyatni shakllantirish, ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Tadbir savol-javoblarga boy, ochiq muloqot tarzida davom etdi.
Tadbir yakunida fakultetning iqtidorli talaba qizlarining onalari va qaynonalari universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Talaba-qizlar esa o‘zlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar, sifatli ta’lim hamda doimiy e’tibor uchun universitet rahbariyati va ota-onalariga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Mazkur uchrashuv yoshlar ongida oilaning muqaddas maskan ekanini yanada mustahkamlash, ularni mustaqil hayotga puxta tayyorlash hamda jamiyatda sog‘lom oilaviy muhitni qaror toptirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.