Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston respublikasi prezidenti davlat stipendiyalari
Termiz davlat pedagogika institutiKimlar uchun
Kunduzgi
BAKALAVRIAT BOSQICHI TALABALARI UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI VA NOMLI DAVLAT STIPENDIYALARI HAMDA ULARNI TAYINLASH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:
a) nomli davlat stipendiyalari uchun:
a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
O‘zbekiston tarixini bilish;
tillarni - davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish. Bunda, talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi talab etiladi.
Tanlovlarni o‘tkazish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlarni ko‘rsatish oliy ta’lim muassasalari kengashlari tomonidan, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim muassasasi kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:
sinov daftarchasidan ko‘chirma;
dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;
ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;
ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari;
tillar kafedrasi, tarix kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomalari.
Barcha hujjatlar jildga (papkaga) joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi nomi,
talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.
Oliy ta’lim muassasasi kengashi qaroriga asosan tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va tegishli hujjatlar oliy ta’lim muassasasining mas’ul xodimi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «stipendiya.edu.uz» elektron tizimiga har yili 1-15 avgust kunlari kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta, har yili 10 — 30 sentyabr kunlari ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori, ijrochi direktori)ning talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos hisoblanadi.
Stipendiyalar 1 sentyabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy rioya qilgan holda tayinlanadi.