WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
Samarqand davlat texnika universiteti

Arxitektura tarixi va nazariyasi

Magistr Kunduzgi 2 yil

Dastur haqida

70730103 – Arxitektura tarixi va nazariyasi

Mutaxassislik tavsifi

70730103 – Arxitektura tarixi va nazariyasi magistratura mutaxassisligi arxitektura va shaharsozlikning tarixiy rivojlanish qonuniyatlarini, me'moriy meros obyektlarini ilmiy tadqiq etish, arxitektura nazariyasi va tanqidi, me'moriy kompozitsiya, madaniy merosni muhofaza qilish hamda restavratsiya qilishning ilmiy-metodik asoslarini chuqur o'rganishga yo'naltirilgan ta'lim yo'nalishi hisoblanadi.

Mazkur mutaxassislik bo'yicha magistrlar O'zbekiston va jahon arxitekturasi tarixini, me'moriy uslublarning evolyutsiyasini, tarixiy shaharlar va me'moriy ansambllarning shakllanish qonuniyatlarini, me'moriy yodgorliklarni ilmiy o'rganish metodologiyasini, tarixiy-madaniy meros obyektlarini identifikatsiya qilish, baholash, saqlash, konservatsiya va restavratsiya qilishning zamonaviy yondashuvlarini, shuningdek, arxitektura nazariyasi va metodologiyasining dolzarb yo'nalishlarini puxta egallaydi.

Ta'lim jarayonida magistrantlarda ilmiy tadqiqot metodologiyasi, tarixiy va zamonaviy me'moriy obyektlarni kompleks tahlil qilish, ilmiy manbalar bilan ishlash, arxiv hujjatlari va grafik materiallarni o'rganish, me'moriy meros obyektlarini pasportlashtirish, ilmiy ekspertiza o'tkazish, tarixiy-madaniy qiymatini aniqlash, ilmiy maqolalar, loyiha takliflari va magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash bo'yicha kasbiy kompetensiyalar shakllantiriladi.

Mutaxassislik bo'yicha ta'lim olgan magistrlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, geografik axborot tizimlari (GIS), raqamli arxivlash, uch o'lchamli modellashtirish (3D), fotogrammetriya, lazerli skanerlash, tarixiy obyektlarni raqamlashtirish hamda ilmiy tahlilning zamonaviy usullaridan foydalanish ko'nikmalariga ega bo'ladilar.

Magistrning kasbiy faoliyat obyektlari

Magistrning kasbiy faoliyat obyektlari quyidagilardan iborat:

  • arxitektura va shaharsozlik sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari;

  • oliy ta'lim va ilmiy-pedagogik muassasalar;

  • madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan shug'ullanuvchi davlat organlari;

  • tarixiy-me'moriy qo'riqxonalar, muzeylar va ilmiy markazlar;

  • restavratsiya va konservatsiya tashkilotlari;

  • loyiha-qidiruv institutlari hamda arxitektura byurolari;

  • davlat va nodavlat ekspertiza tashkilotlari;

  • xalqaro tashkilotlar hamda madaniy merosni saqlash sohasidagi ilmiy-amaliy loyihalar.

Magistrning kasbiy faoliyat turlari

Magistr quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirishga tayyorlanadi:

  • ilmiy-tadqiqot faoliyati;

  • ilmiy-pedagogik faoliyat;

  • ekspert-tahliliy faoliyat;

  • madaniy meros obyektlarini ilmiy o'rganish va hujjatlashtirish;

  • tarixiy-me'moriy ekspertiza;

  • restavratsiya va konservatsiya loyihalarini ilmiy asoslash;

  • me'moriy merosni boshqarish va monitoring qilish;

  • loyiha-konsalting faoliyati;

  • davlat boshqaruvi va tarmoq tashkilotlarida ilmiy-amaliy faoliyat.

Magistrning kasbiy vazifalari

Magistr quyidagi kasbiy vazifalarni bajarishi lozim:

  • arxitektura tarixi va nazariyasi bo'yicha fundamental hamda amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;

  • tarixiy-me'moriy obyektlarning ilmiy tavsifini ishlab chiqish;

  • madaniy meros obyektlarini tarixiy, badiiy va me'moriy jihatdan baholash;

  • restavratsiya va konservatsiya ishlari uchun ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish;

  • tarixiy me'moriy obyektlarni raqamlashtirish va elektron ma'lumotlar bazalarini shakllantirish;

  • ilmiy maqolalar, monografiyalar, o'quv-uslubiy qo'llanmalar hamda ilmiy hisobotlarni tayyorlash;

  • oliy ta'lim muassasalarida arxitektura tarixi va nazariyasiga oid fanlarni o'qitish;

  • xalqaro va respublika ilmiy loyihalarida ishtirok etish;

  • me'moriy merosni muhofaza qilish sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

  • ilmiy va kasbiy faoliyatda akademik halollik, kasbiy etika hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish.

Bitiruvchining kompetensiyalari

Magistr quyidagi kompetensiyalarga ega bo'lishi lozim:

  • arxitektura tarixi va nazariyasiga oid ilmiy muammolarni mustaqil tahlil qilish;

  • tarixiy-me'moriy tadqiqot metodlarini qo'llash;

  • ilmiy izlanishlarni rejalashtirish va natijalarini amaliyotga joriy etish;

  • me'moriy meros obyektlarini ilmiy ekspertizadan o'tkazish;

  • zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tarixiy obyektlarni tahlil qilish va hujjatlashtirish;

  • ilmiy jamoalarda samarali faoliyat yuritish va ilmiy loyihalarni boshqarish;

  • xorijiy ilmiy manbalar bilan ishlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni amalga oshirish;

  • ilmiy natijalarni milliy va xalqaro ilmiy nashrlarda e'lon qilish hamda taqdim etish.

O'xshash dasturlar