WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY
Urganch davlat tibbiyot instituti

Davolash ishi

Bakalavr Kunduzgi 6 yil Grant mavjud Xalqaro akkreditatsiya

Dastur haqida

Urganch davlat tibbiyot instituti Davolash fakulteti tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasida oliy tibbiy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan muhim islohotlar bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 28-fevraldagi “Yangi oliy o‘quv yurtlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-martdagi 125-son qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 1992-yil 20-martdagi 171-sonli buyrug‘iga muvofiq Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining Urganch filiali tashkil etildi.
1992-yil 2-sentyabrda Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali tarkibida Davolash fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 31-maydagi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-iyundagi qaroriga asosan filial Urganch davlat universiteti tarkibiga qo‘shildi va universitet huzurida Tibbiyot markazi tashkil etildi. Respublika hukumatining 1998-yil 3-iyundagi 239-sonli qaroriga muvofiq Urganch davlat universiteti tarkibidagi Tibbiyot markazi qayta tashkil etilib, mustaqil o‘quv muassasasi maqomiga ega bo‘ldi. Natijada Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali qayta tiklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 19-iyuldagi “Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF–3629-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 29-iyuldagi 178-sonli qaroriga asosan tugatilgan Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etildi. Shu munosabat bilan Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali deb nomlana boshlandi.
Davolash fakulteti 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning rivojlanishida bir qator tajribali va yetuk rahbarlar samarali faoliyat olib borgan. Jumladan:
• 1992–1994-yillarda fakultet dekani lavozimida professor S.M. Masharipov faoliyat yuritgan;
• 1994–1995-yillarda B.A.Xitoyatov fakultet dekani bo‘lgan;
• 1995–2011-yillar davomida tibbiyot fanlari doktori, professor R.B. Abdullayev Davolash fakultetiga rahbarlik qilgan;
• 2011–2012-yillarda tibbiyot fanlari nomzodi R.Yu.Ruzibayev dekan lavozimida samarali faoliyat olib borgan;
• 2012–2015-yillarda tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent B.S.Yo‘ldashev fakultet dekani sifatida faoliyat yuritgan;
• 2015–2022-yillar davomida tibbiyot fanlari nomzodi O.O.Masharipov Davolash fakulteti dekani vazifasini bajargan;
• 2022-yildan hozirgi kunga qadar tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Allanazarov Allanazar Xudashkurovich Davolash fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda Davolash fakulteti zamonaviy tibbiy ta’lim talablariga mos ravishda yuqori malakali shifokor-kadrlar tayyorlash, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni uyg‘un holda rivojlantirish borasida izchil ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

O'xshash dasturlar