WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY WORLD GATEWAY EDUCATION AGENCY

Diplomlarni tan olinishi

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari diplomlari dunyoning 38 davlatida tan olinadi
O‘zbekiston YUNЕSKOning malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyasiga qo‘shildi, unga ko‘ra ishtirokchi davlatlar boshqa davlatlarda olingan diplomlarni o‘zaro tan olish majburiyatini oladi.

Joriy yilning noyabr oyi boshida O‘zbekiston “Oliy ta’lim sohasidagi malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib hujjatga qo‘shildi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlar nostrifikatsiya jarayonidan o‘tmasdan O‘zbekiston hududida avtomatik tarzda amal qilishini tushuntirdi.

Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan bo‘lsa, xorijiy diplomlarni imtihonlarsiz va qo‘shimcha tekshiruvlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olishi mumkin.

Malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya YUNЕSKO shafeligida yaratilgan bunday darajadagi birinchi xalqaro hujjatdir. U ishtirokchi mamlakatlarga Konvensiyaga qo‘shilgan boshqa davlatlarda olingan tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyatini yuklaydi.

Bunda har bir mamlakat o‘z milliy qoidalari bo‘yicha diplomlarni tan olishni amalga oshiradi. Ta’lim tizimlari o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina rad etish mumkin.

Hozirgi kunda Global konvensiyaga 38 ta davlat a’zo bo‘lib, yana 10 ga yaqin davlat unga qo‘shilish jarayonida.

Konvensiya ishtirokchi davlatlari ro‘yxati:

Yevropa:
Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvesiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersegovina, Muqaddas Taxt, San-Marino, Lyuksemburg;

Amerika:
Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;

Afrika:
JAR, Tunis, Kabo-Verde, Jibuti, Kot-d’Ivuar, Gvineya, Senegal;

Osiyo:
Yaponiya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Yaman, Falastin;

Avstraliya va Okeaniya:
Avstraliya, Yangi Zelandiya.

O‘zbekiston tasdiqlovchi hujjat topshirilganidan 3 oy o‘tgach Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadi.

“Malakalarni (diplomlarni) o‘zaro tan olish mexanizmlari faqat ushbu Konvensiya ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar o‘rtasida amal qiladi,” - deya xulosa qildi agentlik.