“Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari Myunxen texnika universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi
Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Myunxen texnika universiteti (TUM) bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Myunxen texnika universiteti (TUM) bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari uchun muhim xalqaro imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 2026-yil kuzgi semestridan boshlab universitet talabalariga TUMda bir semestr tahsil olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tomonlar aerokosmik muhandislik bo‘yicha yangi ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish, muhandislik, sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, tibbiyot texnologiyalari hamda suv resurslari yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur kelishuvlar “Yangi O‘zbekiston” universitetining Germaniyada shakllanayotgan strategik hamkorlik ekotizimini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Universitet bugungi kunda Germaniyaning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va sanoat hamkorlari bilan aloqalarni rivojlantirib, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro ta’lim, ilmiy izlanishlar va akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirib bormoqda.
Ushbu hamkorlik universitetning global akademik integratsiyasini mustahkamlash va talabalarga dunyoning eng ilg‘or ta’lim muassasalarida xalqaro tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.