Germaniya delegatsiyasi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga tashrif buyurdi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Germaniya delegatsiyasi vakillari ishtirokida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Germaniya delegatsiyasi vakillari Matias Klingenberg, Matias Vangler va Abdulaziz Qosimov ishtirok etdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Germaniya delegatsiyasi vakillari ishtirokida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Germaniya delegatsiyasi vakillari Matias Klingenberg, Matias Vangler va Abdulaziz Qosimov ishtirok etdi. Mehmonlarni universitetning O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i D.Jumamuratov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Q.Aybatov kutib oldi. Muloqot davomida tomonlar o‘z ishlari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi tajribalari haqida ma’lumot almashdi. Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida delegatsiya universitetning qurilish, iqtisodiyot va arxitektura yo‘nalishlaridagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayonlari, zamonaviy o‘quv-metodik yondashuvlar va talabalarning amaliy mashg‘ulotlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqboldagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi. Ushbu tashrif universitetning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish hamda ta’lim va ilm-fan sohalarida xalqaro tajribalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.